Birinchi chorak yakuniga ko‘ra “UzAuto Motors” sof foydasi qariyb to‘rt baravarga oshdi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi korporativ axborot yagona portalida keltirilgan.

Yanvar-mart oylarida avtomobil ishlab chiqaruvchisining foydasi 1,29 trln so‘mni tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,74 barobarga ko‘pdir.

“UzAuto Motors"ning daromadi 11,68 trln so‘mni (o‘sish 31,4%), sotilgan mahsulot tannarxi esa 9,3 trln so‘mni (+20,7%) tashkil etdi. Natijada yalpi foyda ikki barobarga oshib, 2,38 trln so‘mga yetdi.

Dastlabki uch oyda taqsimlanmagan foyda 19,5%ga o‘sib, 7,92 trln so‘mga, o‘z kapitali esa 14,2%ga o‘sib, 10,37 trln so‘mga yetdi.

Foyda, daromad va o‘z kapitalining o‘sishiga qaramay, kompaniya aktivlari 36 trln so‘mdan 34 trln so‘mgacha biroz kamaydi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida “UzAuto Motors” “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani amalga oshirdi. Natijada, 2024-yilgi hajm uchun jami 171 200dan ortiq shartnoma tuzildi.

Mart oyida kompaniya kechiktirilgan to‘lovlar hisobiga qo‘shimcha avtomobillar sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi. Oy oxirida “Labo” uchun, aprelda esa “Damas” uchun kontraktatsiyani ochdi.

“UzAuto Motors” “Cobalt” ommabop avtomobillari narxlarini oshirishni hamda sotuv bo‘yicha yangi tizim joriy etishni rejalashtirmoqda. Qo‘shimcha hajm 2024-yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilib, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” narxi 3,5%dan 6,7%gacha oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi.